Oisha onamiz roziyallohu anho hujralariga eng yaqin ustun: Abu Luboba yoki tavba ustuni.

Oisha onamiz roziyallohu anho hujralariga eng yaqin ustun: Abu Luboba yoki tavba ustuni.

Qissadan parcha:

Keyin ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu ish yuzasidan maslahatlashish uchun Bani Amr ibn Avf urug'idan bo'lgan Abu Luboba ibn Abdul­Munzirni ular oldiga yuborishlarini so'rab odam yuborishdi. Bani Qurayza Avsning ittifoqdoshi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Lubo­bani ularning oldiga yubordilar. Abu Lubobani ko'rishlari bilan yahudiylar uning oldiga yig'ilishdi, ayollar va yosh bolalar ham uning oldiga kelib yig'lay boshlashdi. Shunda u barchalariga juda achindi. Ular: «Ey Abu Luboba, nima deysan, Muhammadning hukmi ostiga tu­shishimiz kerakmi?» – deb so'rashdi. U: «Ha» – dedi va ularning qatl etilishlariga shama qilib, qo'li bilan bo'g'ziga ishora qildi. Abu Lu­boba deydi: «Allohga qasamki, oyoqlarim joyidan jilmasdan turib men Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga xiyonat qilganimni tushundim». Keyin Abu Luboba ketdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kel­madi. U o'zini masjid ustunlaridan biriga bog'lab, shunday dedi: «Alloh mening tavbamni qabul qilmagunicha, bu yerdan ketmayman. Allohga qasamki, Bani Qurayza yerlariga boshqa qadam bosmayman! Men Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga xiyonat qilgan o'lkada boshqa ko'rinmayman!» – dedi.

Ibn Hishom: Sufyon ibn Uyayna Ismoil ibn Abu Xoliddan, u Abdulloh ibn Abu Qatodadan rivoyat qilib aytishicha, Alloh tao­lo Abu Luboba xususida ushbu oyatni nozil qildi: «Ey iymon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo'ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!»[1]

Ibn Ishoq: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni uzoq kutgandilar. Uning xaba­ri kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar u mening oldimga kelgani­da edi, men uning haqiga mag'firat tilardim. U qilar ishni qilib bo'lgach, Alloh uning tavbasini qabul qilmaguncha, men uni joyidan bo'shatib yubora olmayman», – dedilar.

Ibn Ishoq: Menga Yazid ibn Abdulloh ibn Qusayt aytib berishi­cha, Abu Lubobaning gunohi Avf etilgani haqidagi oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salamaning uyidaliklarida, sahar vaqtida nozil bo'ldi. Ummu Salama deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning erta tongda kulayotgan­larini eshitdim va «Nimadan kulyapsiz, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam?!» – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Abu Lubobaning tavbasi qabul bo'ldi!» – dedilar. Men: «Unga xushxabar beraymi, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam!» – de­dim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, agar istasang», – dedilar. Keyin Ummu Salama xonasining eshigi yoniga (o'shanda ularga hali hijob farz qilinmagan edi) turib: «Hoy Abu Luboba! Alloh sening tavbangni qabul qildi!» – dedi. Ummu Salama deydi: «Odamlar uni yechish uchun yugurib kelishdi. Shunda u: «Yo'q, Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z qo'llari bilan yechib yubormagunlarigacha, yo'q!» – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tong namoziga chiqayotganlarida uni yechib yubordilar».

Ibn Hishom: Abu Luboba ustunga bog'langan holda olti kun qoldi. Har namoz vaqtida ayoli kelib, namozni ado etib olishi uchun bo'shatib qo'yar edi. So'ng u yana o'zini ustunga bog'lab olardi. Menga ilm ahlidan bo'lgan ba'zi kishilarning aytib berishlaricha, Alloh taoloning uning tavbasi haqidagi oyati karimasi shudir: «Yana boshqalari ham borki, gunohlarini tan olurlar. Yaxshi ishni boshqa – yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini shoyad qabul qilsa. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir»