Oisha onamiz roziyallohu anho hujralariga eng yaqin ustun: Abu Luboba yoki tavba ustuni.
Qissadan parcha:
Keyin ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu ish yuzasidan maslahatlashish uchun Bani Amr ibn Avf urug’idan bo’lgan Abu Luboba ibn AbdulMunzirni ular oldiga yuborishlarini so’rab odam yuborishdi. Bani Qurayza Avsning ittifoqdoshi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Lubobani ularning oldiga yubordilar. Abu Lubobani ko’rishlari bilan yahudiylar uning oldiga yig’ilishdi, ayollar va yosh bolalar ham uning oldiga kelib yig’lay boshlashdi. Shunda u barchalariga juda achindi. Ular: «Ey Abu Luboba, nima deysan, Muhammadning hukmi ostiga tushishimiz kerakmi?» – deb so’rashdi. U: «Ha» – dedi va ularning qatl etilishlariga shama qilib, qo’li bilan bo’g’ziga ishora qildi. Abu Luboba deydi: «Allohga qasamki, oyoqlarim joyidan jilmasdan turib men Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga xiyonat qilganimni tushundim». Keyin Abu Luboba ketdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelmadi. U o’zini masjid ustunlaridan biriga bog’lab, shunday dedi: «Alloh mening tavbamni qabul qilmagunicha, bu yerdan ketmayman. Allohga qasamki, Bani Qurayza yerlariga boshqa qadam bosmayman! Men Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga xiyonat qilgan o’lkada boshqa ko’rinmayman!» – dedi.
Ibn Hishom: Sufyon ibn Uyayna Ismoil ibn Abu Xoliddan, u Abdulloh ibn Abu Qatodadan rivoyat qilib aytishicha, Alloh taolo Abu Luboba xususida ushbu oyatni nozil qildi: «Ey iymon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo’ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!»[1]
Ibn Ishoq: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni uzoq kutgandilar. Uning xabari kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar u mening oldimga kelganida edi, men uning haqiga mag’firat tilardim. U qilar ishni qilib bo’lgach, Alloh uning tavbasini qabul qilmaguncha, men uni joyidan bo’shatib yubora olmayman», – dedilar.
Ibn Ishoq: Menga Yazid ibn Abdulloh ibn Qusayt aytib berishicha, Abu Lubobaning gunohi Avf etilgani haqidagi oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salamaning uyidaliklarida, sahar vaqtida nozil bo’ldi. Ummu Salama deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning erta tongda kulayotganlarini eshitdim va «Nimadan kulyapsiz, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam?!» – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Abu Lubobaning tavbasi qabul bo’ldi!» – dedilar. Men: «Unga xushxabar beraymi, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam!» – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, agar istasang», – dedilar. Keyin Ummu Salama xonasining eshigi yoniga (o’shanda ularga hali hijob farz qilinmagan edi) turib: «Hoy Abu Luboba! Alloh sening tavbangni qabul qildi!» – dedi. Ummu Salama deydi: «Odamlar uni yechish uchun yugurib kelishdi. Shunda u: «Yo’q, Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’z qo’llari bilan yechib yubormagunlarigacha, yo’q!» – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tong namoziga chiqayotganlarida uni yechib yubordilar».
Ibn Hishom: Abu Luboba ustunga bog’langan holda olti kun qoldi. Har namoz vaqtida ayoli kelib, namozni ado etib olishi uchun bo’shatib qo’yar edi. So’ng u yana o’zini ustunga bog’lab olardi. Menga ilm ahlidan bo’lgan ba’zi kishilarning aytib berishlaricha, Alloh taoloning uning tavbasi haqidagi oyati karimasi shudir: «Yana boshqalari ham borki, gunohlarini tan olurlar. Yaxshi ishni boshqa – yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini shoyad qabul qilsa. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir»
One Comment
Comments are closed.
Hi, this is a comment.
To get started with moderating, editing, and deleting comments, please visit the Comments screen in the dashboard.
Commenter avatars come from Gravatar.